Baxt bilan birga

- -
- 100%
- +

Глава
Вкладка 1
# Kirish
Ba’zan inson hayotidagi eng muhim savollarga javob topish uchun uzoq yo‘l bosadi. Men ham shunday yo‘lni bosib o‘tdim.
Men 17 yoshli oddiy o‘smir qizman. Lekin yoshim kichik bo‘lishiga qaramay, hayot menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Ayniqsa, bitta savol meni uzoq vaqt o‘ylantirdi:
Baxt nima?
Men baxtni uzoqlardan qidirdim. Uni katta yutuqlarda, orzularda va kelajakdagi muvaffaqiyatlarda izladim. Ammo bir kuni kutilmagan haqiqatni angladim: men qidirayotgan baxt doimo yonimda ekan.
Baxt ba’zan biz o‘ylagandek uzoqda bo‘lmaydi. U ko‘pincha biz e’tibor bermaydigan oddiy lahzalarda, biz qadrlashni unutgan ne’matlarda yashirinadi.
Ushbu kitobni yozishdan oldin ko‘p o‘yladim. Chiroyli jumlalar tuzishga harakat qildim, biroq keyin bir narsani tushundim: qalbdan chiqmagan so‘zlar hech qachon inson qalbiga yetib bormaydi. Shuning uchun bu sahifalarda siz mukammal so‘zlarni emas, balki samimiy fikrlarni uchratasiz.
Bu kitob mening hayotim haqida emas. Ammo unda tasvirlangan voqealar va his-tuyg‘ular hayotda ro‘y bergan haqiqatlarga asoslangan. Kitobni yozish jarayonida meni qo‘llab-quvvatlamaganlar ham bo‘ldi, ustimdan kulganlar ham topildi. Lekin men to‘xtamadim. Chunki ba’zan insonning maqsadi boshqalarning fikridan kuchliroq bo‘lishi kerak.Agar hozir hayotingizda qiyinchiliklar bo‘lsa, o‘zingizni yolg‘iz his qilsangiz yoki baxt sizdan uzoqda deb o‘ylasangiz, ushbu kitob aynan siz uchun yozilgan.
Siz o‘ylaganingizdan ham kuchlisiz.Siz o‘ylaganingizdan ham qadrliroqsiz.Va eng muhimi, siz o‘ylaganingizdan ham baxtliroqsiz.
Keling, ushbu sayohatni birgalikda boshlaylik. Balki kitobning oxiriga yetganingizda, siz ham men kabi baxtning asl ma’nosini topgandirsiz.
Tayyormisiz?
Unda sahifani aylantiring va boshlaymiz...
Вкладка 2
Oyna qarshisida o‘tirarkanman, do‘stlarimning menga nisbatan aytgan achchiq so‘zlari xayolimda birma-bir jonlanardi. Ko‘zgudagi aksimga uzoq tikildim. Har bir nuqsonimni qidirayotgandek, o‘zimni sinchiklab kuzatdim.
So‘ng yana o‘sha savolni takrorladim:
— Nega men? Nega men bunchalik xunukman? Nega meni shunday yaratding, Allohim? Nega do‘stlarim kabi go‘zal emasman? Nega?..
Hayotimda eng ko‘p takrorlangan so‘z "nega" bo‘lsa kerak.
Xonamni chuqur sukunat qoplagan edi. Ammo bu sukunat qalbimdagi shovqinni bosa olmasdi. O‘n to‘rt yoshim menga og‘ir o‘ylar va tushunarsiz hislarni olib kelgandi. Go‘yo meni hech kim tushunmasdi. Hatto ba’zan o‘zim ham o‘zimni tushunolmay qolardim.Maktabga borish vaqti bo‘ldi.Ichimda istaksizlik uyg‘ondi. Yana o‘sha maktab. Yana o‘sha nigohlar. Yana o‘sha kulgilar...
Men ko‘pincha yolg‘iz qolishni xohlardim. Chunki yolg‘izlikda hech kim meni hukm qilmasdi. Hech kim ustimdan kulmasdi. Ammo yuragimning bir chekkasi kim bilandir samimiy suhbatlashishni, dardlashishni istardi.Divan ustida turgan maktab formamga qaradim. Uni kiyishdan oldin chuqur xo‘rsindim.
— Yana shu formami?..
Sinfdoshlarimning turli xil, chiroyli kiyimlari bor edi. Meniki esa oddiy, sodda va ancha eskirib qolgan forma edi. Eng yomoni, uning rangi menga umuman yoqmasdi.Formamni kiyib, sochlarimni tartibga keltirdim. Sochlarimning jingalakligi ham o‘zimga yoqmasdi. Ba’zan ko‘zguga qarab, nega boshqalarga o‘xshamasligim haqida o‘ylardim.
Sumkamni oldim. Keyin cheti ochilib qolgan eski tuflimni kiyib, maktab tomon yo‘l oldim.
Yo‘lda ketarkanman, xayolim yana bezovta savollar bilan to‘ldi.
"Bugun-chi?.."
"Bugun ular yana nimamdan kulishar ekan?"
Shu o‘y bilan maktab sari qadam tashlashda davom etdim.
Вкладка 3
Maktab tomon ketarkanman, atrofdagi mashinalarning signallari va odamlarning shovqinli ovozlari xayollarimga qorishib ketardi. Ammo men ularni deyarli eshitmasdim. Xayolim faqat bitta narsaga band edi — bugun ham meni mazax qilisharmikan?
Nihoyat maktabga yetib keldim. Yuragimning urishi tezlashdi. Sinf xonasi ostonasiga qadam qo‘yishim bilan kimdir ismimni aytib chaqirdi.
— Bahor!
O‘girilib qaradim.Bu Nadzira edi.Nadzira juda go‘zal va zamonaviy qizlardan biri edi. U har doim did bilan kiyinardi. Xarakteri biroz og‘ir bo‘lgani uchun hamma bilan ham tez chiqisha olmasdi. Shu sababli uning yaqin do‘stlari ham ko‘p emasdi.Biz salomlashib, sinfga kirib bordik.
Nadzira biroz ikkilangandek menga qaradi. So‘ng ehtiyotkorlik bilan dedi:
— Bahor, men bugun Ali bilan birga o‘tirmoqchiman. Agar xafa bo‘lmasang...
Men jilmayishga harakat qildim.
— Yo‘q, albatta. Hecham xafa bo‘lmayman. Men Aisha bilan o‘tiraman. Sen xijolat bo‘lma.
Nadziraning Ali haqida qanday hislari borligini bilardim.Ali sinfdagi boshqa bolalardan ajralib turardi. U kelishgan edi, ammo uning o‘ziga xos sovuqqonligi ham bor edi. Ko‘pincha sinfdoshlari bilan emas, katta sinf o‘quvchilari bilan yurardi. Balki shuning ta’siridir, u ba’zan qo‘pol gapirardi. Ayniqsa qizlarga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lishi menga yoqmasdi.Ko‘p o‘tmay dars boshlandi.Men Aisha bilan bir partaga o‘tirdim. Dars boshlanishidan oldin biroz suhbatlashib qoldik.Birdan Aisha menga sinchiklab qaradi.
— Bahor, nega sochlaring bunaqa? Juda ham taralmaganga o‘xshaydi. Shu ahvolda qaysi bola seni sevarkin?
U gapini tugatishi bilan kulib yubordi.
— Ha-ha-ha...
Bu so‘zlar yuragimga ignadek sanchildi.
Bir lahzada kayfiyatim tushib ketdi. Men allaqachon tashqi ko‘rinishim haqida yetarlicha qayg‘urardim. Ammo boshqalarning bu haqda gapirishi og‘riqni yanada kuchaytirardi.
Indamay qoldim.Ba’zan insonni eng ko‘p og‘ritadigan narsa haqorat emas, balki uni aytgan odamning kulgisidir.
Вкладка 4
Shu sababli Aishaning gaplariga javoban hech narsa deya olmadim.U esa mening sukutimdan foydalanib, ustimdan kulishda davom etdi. Har bir kulgisi yuragimga og‘ir botardi.
Nihoyat sabrim tugadi.
— Bo‘ldi, dars bo‘lyapti. Keyin gaplashamiz, — dedim qat’iy ohangda.
Aisha indamay qoldi.
Ich-ichimdan tanaffus bo‘lmasligini istardim. Chunki tanaffus boshlanishi bilan Aisha yana meni mazax qilishini bilardim.Vaqt esa men uchun juda sekin o‘tayotgandek tuyulardi. Yuragim har soniyada tezroq ura boshladi. Nihoyat qo‘ng‘iroq chalindi.Tanaffus.
— Ey Xudoyim, endi nima qilaman? — dedim ichimda.
Ammo kutilmaganda Aisha qo‘ng‘iroq chalinishi bilan sinfdan yugurib chiqib ketdi.Qalbim biroz taskin topdi.
Men asta-sekin daftar va kitoblarimni sumkamga joylay boshladim. Shu payt yonimga Yusuf va Toriq kelib qoldi.
— Off... yana nima bo‘ldi ekan? — deb o‘yladim.
Toriq menga g‘alati tabassum bilan qaradi.
— Qalaysan, Bahor?Uning ovozida qandaydir kinoya bor edi.
— Yaxshiman, rahmat, — dedim hayron bo‘lib.
Yusuf Toriqga qarab qo‘ydi-da, so‘ng menga yaqinlashdi.
— Aisha nega yugurib chiqib ketganini bilasanmi?
Men bir lahza o‘ylanib qoldim.
— Yo‘q. Nega ekan?
Yusuf va Toriq bir-birlariga qarab kulimsirashdi.
— U sinf rahbarining oldiga ketdi.
— Nega?
— Chunki sen uni haqorat qilibsan emish.
Bu gapni eshitib, go‘yo boshimga muzdek suv quyilgandek bo‘ldi.
— Nima?!Ko‘zlarim katta-katta ochilib ketdi.
Axir men Aishani haqorat qilmagan edim-ku! Aksincha, butun dars davomida uning mazaxlariga chidadim. Biror marta ham unga qo‘pol gapirmadim.Lekin endi u meni aybdor qilib ko‘rsatmoqchi edi.Yuragim siqilib ketdi.
Ko‘zlarimga yosh qalqdi.
— Bu yolg‘on... — dedim pichirlab. — Men unday qilmaganman...Ammo gaplarimni hech kim eshitayotgandek emasdi.Yig‘imni zo‘rg‘a tiyib, sinfdan chiqib ketmoqchi bo‘ldim.
Eshik oldiga yetganimda esa kim bilandir to‘qnashib ketdim.
Boshimni ko‘tarsam, qarshimda Ali turardi.
U menga hayron qaradi.
— Tinchlikmi?
Ko‘zlarimdagi yoshlarni ko‘rib, qoshlarini chimirdi.
— Nega yig‘layapsan? Kimdir seni xafa qildimi?
Bu savolni eshitib, yuragim yana bir bor zirqirab ketdi.
Вкладка 5
Ali birdan jiddiylashib qoldi. Ko‘zlarida g‘azab uchqunlari paydo bo‘ldi.Men unga hamma bo‘lgan voqealarni aytib bermoqchi edim. Aynan shu paytda Aisha xursand qiyofada yonimizga kelib qoldi.
— Bahor, seni sinf rahbari chaqiryapti, — dedi u yuzidagi tabassumni yashira olmay. — Hozir direktor xonasida kutishyapti. Tezroq bor.
Men Aliga nimadir demoqchi bo‘ldim, ammo buning foydasi yo‘qligini angladim.Indamay direktor xonasi tomon yo‘l oldim.Yo‘lda ketarkanman, xayolimni bitta savol band qilgandi:
"Nega?""Nega Aisha menga bunday qildi?"Direktor xonasi eshigi oldiga yetib kelganimda ko‘z yoshlarimni artdim. Chuqur nafas olib, eshikni taqillatdim.
— Kiring.
Ichkariga kirishim bilan yuragim siqilib ketdi.Direktor ham, sinf rahbari ham menga sovuq nigoh bilan qarashardi.Salom berdim va bo‘lgan voqealarni birma-bir tushuntirishga harakat qildim. Ammo meni tinglashayotgandek tuyulmasdi.Direktor birdan ovozini balandlatdi:
— Sening nima haqqing bor do‘stingni haqoratlashga?Men javob berishga urindim.
— Men unday qilmaganman...Ammo u gapimni bo‘lib yubordi.
— Yetar! Sen kimsan o‘zi? Yo‘qol xonamdan!
Bu so‘zlar qulog‘imda jaranglab qoldi.
"Sen kimsan?"Xonadan chiqib ketayotganimda aynan shu savol xayolimda qayta-qayta takrorlanardi.
"Men kimman?"Men kim edim o‘zi?
O‘n to‘rt yoshli oddiy bir qiz...Jingalak sochlari uchun uyaladigan qiz...O‘zini chiroyli deb hisoblamaydigan qiz...Hech kimga kerak emasdek tuyuladigan qiz...Shu o‘ylar bilan maktab hovlisidagi o‘rindiqqa borib o‘tirdim.Ko‘z yoshlarim yana yuzim bo‘ylab oqib tusha boshladi."Men nega bundayman?""Nega meni hech kim tushunmaydi?"O‘sha paytda hatto onam ham meni tushunmayotgandek tuyulardi.Darsga kirgim kelmadi.Shunchaki hovlida yolg‘iz o‘tirib qoldim.Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, yonimga kimdir kelganini sezdim.
Boshimni ko‘tarmadim.Ammo u kishi kelib yonimga o‘tirdi.Ali edi.U bir muddat indamay o‘tirdi. So‘ng past ovozda so‘radi:
— Nega yig‘layapsan, Bahor?Men yuzimni boshqa tomonga burdim.
— Hech narsa bo‘lmadi, Ali. Ket, iltimos.
Ali hayron bo‘lib menga qaradi.
— Nega?
— Nadzira bizni birga ko‘rsa xafa bo‘ladi.
Ali qoshlarini chimirdi.Yuzidagi tabassum birdan yo‘qoldi.
— Men Nadzirani yaxshi ko‘rmayman.Men hayron bo‘lib unga qaradim.Ali esa davom etdi:
— O‘zi doim mening ortimdan yuradi. Men unga hech qachon umid bermaganman.Uning ovozi odatdagidan ancha qattiq eshitildi.Shu payt birinchi marta Ali haqidagi fikrlarim biroz o‘zgargandek bo‘ldi.
Вкладка 6
— O‘zi buni biladimi? — deb so‘radim sekin.
— Ha, biladi. Har kuni aytaman, — dedi Ali yelka qisib. — Bahor, senga nima bo‘lganini ham bilaman. Yusuf bilan Toriqning adabini berib chiqdim. Aishani esa umuman tanimay qoldim. Lekin sen menga qara... yig‘lama.Ali bu gaplarni juda oddiy aytdi. Ammo uning so‘zlari qalbimga iliq ta’sir qildi.Shunga qaramay, yuragimdagi og‘riq va qo‘rquv yo‘qolmadi.Bugun darsga kirgim kelmasdi.Sumkamni sinfdan olib, uyga ketishga qaror qildim.Yo‘l bo‘yi faqat yig‘ladim.Go‘yo bundan boshqa hech narsa qo‘limdan kelmasdi.Eng achinarlisi, bu birinchi marta sodir bo‘layotgan voqea emas edi.Afsuski, bunday kunlar hayotimda ko‘p bo‘lgan.Aishaning menga nisbatan qandaydir alamzadaligi bor edi. Nega ekanini esa hanuz tushunmasdim.Uyga kirganimda hech kim yo‘q edi.Onam ishda, singlim maktabda edi
Xonamga kirib, yana o‘sha eski odatimga qaytdim.Oyna qarshisiga bordim.Ko‘zgudagi aksimga uzoq tikildim.
— Nega?
— Nega yana men?
— Nega bunchalik omadsizman?
— Nega hech kim meni sevmaydi?
Savollarim javobsiz edi.Ko‘z yoshlarim esa tinimsiz oqardi.O‘zimni xunuk deb o‘ylardim.Jingalak sochlarimni yoqtirmasdim.Boy oiladan emasligim uchun ham o‘zimni boshqalardan kam his qilardim. Ba’zan esa dunyodagi eng omadsiz inson aynan menman, deb o‘ylardim.Yolg‘izlikni sevishga majbur bo‘lgan bir qiz...Yolg‘izlikni do‘st deb bilgan bir qiz... band bo‘lib o‘tirganimda eshik ochildi oradan ko‘p o‘tmay onam uyga kirdi..Uyga kirishi bilan atrofga nazar tashladi.Yig‘ishtirilmagan xona, tarqoq kiyimlar va bo‘sh qolgan dasturxon uning g‘ashiga tegdi.
— Nega uylarni yig‘ishtirmading? — dedi jahli chiqib. — Atrofga qara! Ovqatingni ham yemabsan. Kiyimlaring ham tartibsiz yotibdi.
Onamning bu gaplari odatdagi tanbeh bo‘lishi mumkin edi.Ammo o‘sha paytda qalbim allaqachon yaralangan edi.Shuning uchun uning har bir so‘zi menga yanada og‘ir botdi.Ichimda yig‘ilib qolgan alam birdan bosh ko‘tardi.Ko‘zlarim yana yoshlarga to‘ldi."Onam nega meni tushunmaydi?""Nega bir marta bo‘lsa ham holimni so‘ramaydi?""Nega meni yaxshi ko‘rmaydigandek tuyuladi?"O‘sha lahzada qalbimni g‘azab va ranj birdek qamrab oldi.Hatto ichimda aytishga qo‘rqadigan bir savol ham tug‘ildi:"Agar meni sevmasangiz, nega dunyoga keltirdingiz?"Lekin bu savolning ortida nafrat emas, mehrga bo‘lgan chanqoqlik yashirin edi.
Men shunchaki kimningdir meni tushunishini istardim...
Вкладка 7
—Hich bir ish qilgum kelmayabdi urishavermang!
Bu gapni baland ovozda aytdim. Onam jim bo‘lib qoldi. U bir necha soniya ko‘zlarimga tikilib turdi. Nigohida ranj ham, hayrat ham bor edi. Ammo men buni ko‘rishni istamadim. Eshikni qattiq yopib, xonamga kirib ketdim.
Har kunim deyarli shu tarzda o‘tardi. Kunlar bir-biriga o‘xshab ketardi. Shu holatda oradan ikki yil o‘tdi. Ikki yil ichida men o‘zgardim. Juda ham o‘zgardim. Avval boshqalardan ranjirdim. Keyin ulardan nafratlana boshladim. Oxir-oqibat esa o‘zimdan ham nafratlanadigan qizga aylandim.
Ertaga otam uyga qaytadi. U uzoq vaqt chet elda ishlardi. Qurilishlarda mehnat qilardi. Lekin negadir uning kelishini kutmayotgandim. Hatto kelmasligini istayotgandek edim. Chunki otam bilan ham hech qachon bir-birimizni tushuna olmagan edik. Menga shunday tuyulardiki, u ham meni sevmaydi. Ba’zan esa o‘zimni bu dunyoda hech kimga kerak bo‘lmagan insondek his qilardim.Shunda yana o‘sha savol xayolimga kelardi: «Men kimman?» Ikki yil avval direktor aytgan gap hanuz qulog‘im ostida jaranglardi: «Sen kimsan?» Bu savol go‘yo meni ta’qib qilardi.
Ertasi kuni tongda otam uyga qaytdi. Uning kayfiyati yaxshi edi. Uyga kirishi bilan hammani quchoqladi. Keyin menga qarab kulimsiradi.
— Bahor!
Otam qo‘llarini menga uzatdi. Men esa qotib qoldim. U meni bag‘riga bosdi. Ammo negadir men bu quchoqni his qila olmadim. Go‘yo qalbim atrofida devor qurib olgandim.Otam, onam va singlim uzoq suhbatlashib o‘tirishdi. Men esa bir og‘iz ham gapirmadim. Ichimdagi sukut ularning barcha so‘zlaridan balandroq edi.
— Maktabga kech qolaman, — dedim nihoyat.
So‘ng o‘rnimdan turib, xonamga kirib ketdim. Yana o‘sha eski forma… Yana o‘sha yoqtirmaydigan rang… Yana o‘sha o‘zimdan uyalish hissi…Formamni kiyib, sumkamni oldim va maktab tomon yo‘l oldim. Yo‘lda ketarkanman, ko‘zlarimga yosh qalqdi. «Negadir men ham boshqalar kabi kiyina olmayman? Nega hamma narsada kamchilik faqat menda?» O‘sha paytda muammo kiyimda emasligini bilmasdim. Muammo qalbimdagi yaralarda edi. Lekin men buni hali tushunmasdim.Ko‘z yoshlarimni odamlar ko‘rmasligi uchun zo‘rg‘a ushlab turardim. Tomog‘imga go‘yo ko‘rinmas zanjir bog‘langandek edi. Nafas olish ham qiyinlashardi.Nihoyat maktab ostonasiga yetib keldim. Oldimda yana bir kun, yana bir sinov kutib turardi. Chuqur nafas oldim va maktab eshigidan ichkariga qadam qo‘ydim. Bu oddiy kun emasligini esa hali bilmasdim.
Вкладка 8
Hech ham kirgim kelmasdi. Maktabdan nafratlanardim. Men uchun maktab qamoqxonadan farq qilmas, sovuq va jirkanch bir joy edi.Shu payt orqamdan kimdir ko‘zlarimni qo‘llari bilan yopdi. Bu holat menga yoqmadi. Darhol qo‘llarni yuzimdan olib tashladim va ortimga o‘girildimNadzira.
— Bahor! Qayerlarda yuribsan? Go‘zal dugonajonim! — dedi u meni quchoqlab.Men darrov uning qo‘llarini yelkamdan oldim va o‘zimdan itardim.
— Qo‘llaringni mendan tort!Nadzira hayrat bilan menga tikildi.Uning "go‘zal dugonajonim" degan gapi menga masxaradek tuyuldi. Men uning ataylab aytganiga ishongim kelardi. Negadir u meni yomon ko‘radi, deb o‘ylardim.
— Tinchlikmi, Bahor? Nima bo‘ldi? — dedi u xavotir bilan.Ko‘zlariga yosh qalqdi. Nadzira juda ta’sirchan qiz edi. Arzimagan narsaga ham yig‘lab yuborishi mumkin edi.
— Sen ataylab qilyapsan.
— Nimani?
— Sen meni yaxshi ko‘rmaysan.
— Tushunmadim. Nima deyapsan o‘zi? Men nima qildim?
— Sen ham meni tushunmaysan!Nadzira chuqur xo‘rsindi.
— O‘zingni bosib ol, Bahor. Keyingi paytlarda juda o‘zgarib ketyapsan.
— Aralashma! Bu mening hayotim. Xohlaganimcha o‘zgaraman. Sen aralashma!Nadzira bir muddat jim turdi. So‘ng indamay ortiga o‘girildi-da, maktab tomon yurib ketdi.Men esa o‘sha yerda qotib qoldim.Asablarim tarang edi.Maktabga kirgim kelmadi.Ortga qaytdim.Ichimda g‘azab qaynardi."Nega bunday dedi?""Nega meni tushunishga urinmadi?"O‘sha paytda muammo boshqalarda emas, o‘zimda ekanini tushunishga hali tayyor emasdim.Yo‘l bo‘ylab yura boshladim.Birdan yerda yotgan bir qog‘ozga ko‘zim tushdi.Qiziqib egildim va uni qo‘limga oldim.Qog‘ozda
Вкладка 9
bo‘sh ish o‘rni borligi va ishchi kerakligi haqida e’lon yozilgandi. Shu lahzada xayolimga bir fikr keldi."Nega maktabdan keyin ishlamasligim kerak?"Agar ishlasam, o‘zim pul topaman. O‘zim xohlagan kiyimlarni sotib olaman. Ota-onamga yuk bo‘lmayman. Ulardan bir so‘m ham so‘ramayman.Shu zahoti qat’iy qarorga keldim.Men ishlayman.
Tezda uyga qaytdim. Onamning telefonini olib, e’londagi raqamga qo‘ng‘iroq qildim.Bir necha soniyadan keyin go‘shakni ayol kishi ko‘tardi.
— Assalomu alaykum. Men ish bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilayotgandim, — dedim hayajonimni yashirishga urinib.
— Va alaykum assalom. Yoshingiz nechada?
— O‘n olti yoshdaman.
Qarshi tomonda qisqa javob keldi— Hali maktab o‘quvchisimisiz?
— Ha. Maktabda o‘qiyman. Nima bo‘libdi? — dedim biroz xafa bo‘lib.Ayolning ovozi yumshadi.
— Kechirasiz, qizim. Bu masalani boshliq bilan gaplashib ko‘rishim kerak. Odatda voyaga yetmagan o‘quvchilarni ishga qabul qilmaymiz.
Yuragim g‘ash tortdi.
— Men har qanday ishni qila olaman, — dedim shoshilib. — Og‘ir ish bo‘lsa ham mayli. Faqat ishlashim kerak.
— Xo‘p, sizga albatta xabar beraman.
Qo‘ng‘iroq tugadi.Telefonni sekin joyiga qo‘ydim.Aslida ularning meni ishga olishlariga o‘zim ham ishonmasdim. Buni yuragim sezib turardi.Yana bir urinish...Yana bir umidsizlik...
Deraza tomonga qarab xo‘rsindim."Nahotki bu ham o‘xshamasa?""Endi nima qilaman?""Ehtimol, ertaga hammasi o‘zgarar..."Ammo bu fikrga o‘zim ham unchalik ishonmasdim.Shu payt eshik ochildi.Onam xonamga kirib keldi.
— Maktabga bormadingmi, qizim? Nega bunchalik erta qaytding?Savol meni dovdiratib qo‘ydi.
— Yo‘q... bordim, oyijon. Faqat biroz tobim qochdi. Boshim aylandi, ko‘nglim ham aynidi. Shuning uchun javob so‘rab uyga qaytdim.
Yana bir yolg‘on.So‘nggi paytlarda yolg‘on gapirish men uchun odatiy holga aylanib borayotgandi.Onam menga sinchiklab qaradi.
— Hozir o‘zingni yaxshi his qilyapsanmi?
Bu savolda xavotir bor edi.
Ammo o‘sha paytda men buni sezishni ham istamasdim.Xuddi shu vaqtda qo‘shni xonadan otamning ovozi eshitildi.
— Oyisi!Onam ortiga o‘girildi.Bu men uchun qutqaruvdek tuyuldi.
— Ha, oyi, men yaxshiman. Siz boravering.Onam bosh irg‘ab, xonadan chiqib ketdi.Men esa karavotga cho‘zildim.Shiftga tikilgancha uzoq yotdim.Xonada sukunat hukm surardi.Ammo miyamda minglab o‘ylar bir-biri bilan kurashayotgandi."Endi nima qilaman?""Qanday qilib pul topaman?""Qanday qilib hayotimni o‘zgartiraman?"O‘sha paytda hali bilmasdim...Ba’zan insonning hayotini o‘zgartiradigan eng katta voqealar aynan umidsizlik ortidan boshlanadi.
Вкладка 10
Yana bir bor urinishim muvaffaqiyatsiz tugadi. Ish topish haqidagi umidlarim yana chilparchin bo‘ldi."Nega men bunchalik omadsizman?""Nega hamma narsada omad mendan yuz o‘giradi?"
Ba’zan menga bu dunyoda mendan ham omadsizroq inson yo‘qdek tuyulardiShu o‘ylar bilan qancha vaqt yotganimni bilmayman. Charchoq va alam asta-sekin ko‘zlarimni yumdi. Qachon uxlab qolganimni ham sezmay qoldim.Bir mahal onamning ovozidan uyg‘ondim.
— Bahor, tur qizim. Kechki ovqat tayyor.Ruhan ham, jismonan ham charchaganim uchun zo‘rg‘a o‘rnimdan turdim. Sekin yurib zalga chiqdim.Dasturxon atrofida hamma jam bo‘lgandi.Otam, onam va singlim bir-birlari bilan suhbatlashib o‘tirishardi.Men esa o‘zimni bu oilaning bir a’zosidek emas, go‘yo tasodifan shu yerga kelib qolgan begona insondek his qilardim.Shunda sukutni otam buzdi.
— Bahor, qizim, o‘qishlaring qanday? Maktabda hammasi joyidami?
— Yaxshi, ota, — dedim qisqagina.
— Agar biror narsaga ehtiyojing bo‘lsa, tortinmay aytgin, xo‘pmi?
— Xo‘p.
Yana qisqa javob.Otam menga bir necha soniya tikilib qoldi.U uzoq yillardan beri chet elda ishlardi. Qurilishlarda mehnat qilardi. Yuzlarida charchoq sezilib turardi. Qorachadan kelgan, bo‘yi uncha baland bo‘lmagan, ammo nihoyatda mehnatkash va saxiy inson edi.Afsuski, o‘sha paytda men uning qilayotgan barcha mehnatlarini ko‘ra olmasdim.Shu payt otamning telefoni jiringladi.U uzr so‘rab hovliga chiqib ketdi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib qaytib kirganida esa yuzidagi charchoq o‘rnini quvonch egallagandi.Ko‘zlari porlab turardi.Men beixtiyor qiziqib qoldim.
— Nima bo‘ldi, ota?Otam kulib yubordi.
— Yaxshi xabar. Juda yaxshi ish topildi.
Onam ham xursand bo‘lib ketdi.Men ham otam uchun chin dildan quvondim.Lekin xayolimning bir chekkasida boshqa bir muammo yashab turardi.Mening ish topish muammom.Kunlar o‘tardi.Maktabga borardim.Uyga qaytardim.Ammo miyamda faqat bitta savol aylanardi:"Qanday qilib pul topsam bo‘ladi?"Ota-onamga yuk bo‘lishni istamasdim.Ulardan pul so‘rashni istamasdim.O‘zimga kerak bo‘lgan narsalarni o‘z mehnatim bilan olishni xohlardim.Shuning uchun kun-u tun yangi rejalar o‘ylardim.Bir kuni maktabdan charchab qaytayotgan edim.Yo‘lda kutilmaganda yaqinda kochib kelishgan qoshnimiz Maryamni uchratib qoldim. Yaqinda kochib kelishlariga qaramay Maryam mening eng yaqin dugonalarimdan biri edi.
Biz bir muddat yo‘l chetida turib suhbatlashdik, hol-ahvol so‘rashdik.
Gap orasida u kutilmaganda:
— Dadam yangi restoran ochyaptilar, — dedi.
Men qiziqib unga qaradim.
— Rostdanmi?
— Ha. Hozir ishchilar ham qidirishyapti.
Bu gapni eshitishim bilan yuragim tez urib ketdi.Go‘yo uzoq qorong‘ilikdan keyin kichkina bir nur ko‘ringandek bo‘ldi.Nahotki...Nahotki men kutgan imkoniyat nihoyat paydo bo‘lgan bo‘lsa?Ichimda so‘nib borayotgan umid yana bir bor uyg‘ondi.
Вкладка 11
Maryam menga restoranda ishchi kerakligini aytishi bilan yuragim quvonchdan hapriqib ketdi. Go‘yo uzoq vaqt kutgan imkoniyat nihoyat qarshimda paydo bo‘lgandek edi. Men darhol unga ishlash niyatim borligini aytdim. Maryam otasi bilan gaplashib berishini, qo‘lidan kelgancha yordam qilishini va’da qildi. Bu xushxabarni eshitib, kayfiyatim ko‘tarilib ketdi. Anchadan beri ilk marta kelajakka umid bilan qarayotgandim.To‘g‘risini aytsam, o‘sha paytlarda Nadzira bilan munosabatlarimiz ham ancha sovuqlashib qolgan edi. Deyarli har kuni nimadir sabab bo‘lib tortishib qolardik. Men uning gaplarini aralashuv deb qabul qilardim, u esa mening nega bunchalik asabiy va o‘zgacha bo‘lib qolganimni tushunolmasdi. Natijada oramizdagi masofa kundan-kunga kattalashib borardi.
Kechqurun hamma o‘z xonasiga kirib dam olayotgan edi. Men esa karavotimga cho‘zilib, yangi ish va kelajakdagi rejalarim haqida o‘ylardim. Agar ishga qabul qilishsa, o‘z pulimni topaman. O‘zim xohlagan kiyimlarni sotib olaman. Hech kimga muhtoj bo‘lmayman. Shu xayollar bilan yuzimga tabassum yugurgan edi.



